Asqar Akayev Kanadaning “Centerra” kompaniyasi bilan “Qumtor” bo‘yicha tuzilgan shartnoma “katta xato” bo‘lganini tan oldi
Asqar Akayev “Qumtor” oltin koni bo‘yicha shartnoma tuzilishida aybini tan oldi va Qirg‘iziston xalqidan kechirim so‘radi

Avvalroq Qirg‘izistonning birinchi prezidenti Asqar Akayev “Qumtor” oltin koni bilan bog‘liq jinoiy ish doirasida Bishkekka keltirilgani haqida xabar qilgan edik.
Sobiq prezidentning so‘zlariga ko‘ra, u shartnoma tuzilgan vaqtda davlat rahbari bo‘lgani uchun yo‘l qo‘yilgan xatolar uchun javobgardir. Shuningdek, Akayev shartnoma imzolanayotgan paytda uni adashtirishganini ta’kidlagan. U 2003 yilgi “Centerra” kompaniyasi bilan tuzilgan shartnomani “katta xato” ekanini aytib o‘tgan.
Asqar Aakayev shu bilan tergov jarayonlaridagi ishtirokini yakunlab Moskvaga jo‘nab ketdi. Mahalliy OAV ma’lumotlariga ko‘ra, u “Aeroflot” aviakompaniyasining samolyotida uchib ketgan. Ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra u bilan birga o‘g‘li Ilim ham bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz Asqar Akayev “Qumtor” oltin koni bo‘yicha jinoyat ishi doirasida 2 avgust kuni Moskvadan Qirg‘izistonga olib kelingan edi.







