“Tolibon” Afg‘oniston viloyati markazlariga hujumni davom ettirmoqda
9 avgust kuni Farah provinsiyasi markazi Farah shahriga “Tolibon” hujum boshladi. Bu haqda “Sputnik Afganistan” xabar berdi.


Harakat vakillariga tegishli akkaunt va saytlar shahar marakazida hukumat qo‘shinlari asirga olingani haqida maʼlum qilgan. Kun oxiriga borib hukumat kuchlari “Tolibon” ni chekinishga majbur etgan.
9 avgust kuni “Tolibon” Qunduz aeroportini ham egalladi. Bu hukumat kuchlari ushlab turgan eng so‘nggi nuqta edi.
Lashkargohda vaziyat hamon og‘irligicha qolmoqda. TOLOnews nashrining maʼlumotlariga ko‘ra, so‘nggi ikki hafta ichida Lashkargohda 324 nafar tinch aholi halok bo‘lgan. Bunga jangarilarning minomyot zarbalari, hukumat va AQSH aviazarbalari asosiy sabab qilib ko‘rsatilgan.

Afg‘onistonda vaziyat keskinlashuvi ortidan 10 avgustda Qatarda AQSH, Rossiya, Xitoy va Pokiston ishtirokida “Kengaytirilgan uchlik” yig‘ilishi bo‘lib o‘tishi maʼlum qilindi. AQSH Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Zalmay Halilzod uchrashuv davomida “Tolibon”dan hujumlarni to‘xtatishni talab qilishini taʼkidlagan.
Eslatib o‘tamiz, bundan avval jangarilar Samangan viloyati markazini egallagani haqida xabar qilingandi.
Jahongir Qo‘ziyev







