Dunyo yetakchilari Afg‘onistondagi keyingi voqealar xususida o‘z munosabatini bildirmoqda
Dunyo yetakchilari Afg‘onistondan amerikalik harbiylar olib chiqilganidan keyingi voqealar rivojidan hafsalasi pir bo‘lganini bildirmoqda.


Buyuk Britaniya bosh vaziri Boris Jonson bunda to‘g‘ridan-to‘g‘ri AQSH Prezidenti Jo Baydenni aybladi.
“AQSHning Afg‘onistondan chiqish qarori voqealarni tezlashtirib yubordi, deyish adolatdan bo‘ladi, ammo bu voqealar ko‘p jihatdan kutilgan edi”, —dedi u.
Buyuk Britaniya hukumati rahbari g‘arb yetakchilarini Afg‘onistonning “terrorizm uchun ozuqa manbaiga aylanishining” oldini olishga chaqirdi.
“Afg‘onlar uchun 2001 yilgi holatga qaytish manfaatli bo‘ladi, deb o‘ylamayman”, — dedi Jonson.
Boris Jonsonning fikricha, “Tolibon”ni qonuniy harakat sifatida tan olinishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi.
Kanada bosh vaziri Jastin Tryudo ham inqirozni sharhlab turib, qayg‘uda ekanini bildirdi. Shuningdek, u rasmiy Ottava anchadan beri Kobul bilan mamlakatdagi elchixonasini yopib, aloqasini uzganini taʼkidladi.
Avstraliya bosh vaziri Skott Morrison siyosiy muhokamalarga aralashmay, hukumati g‘arbiy ittifoqchilar bilan hamkorlik qilgan afg‘onlarni evakuatsiya qilish bo‘yicha kuchlarni ikki baravar oshirishini aytdi. Morrison 400 nafar afg‘on Avstraliyaga evakuatsiya qilingani, bu raqam tez orada ko‘payishini aytib o‘tdi.
Eslatib o‘tamiz, AQSH sobiq prezidenti Donald Tramp Jo Baydenni Afg‘onistondagi vaziyat tufayli isteʼfoga chiqishga chaqirganini xabar qilgan edik.
Sharofat Mahmudova







