Bayden va Pentagon “Al-Qoida” borasida bir to‘xtamga kela olmadi
AQSH Prezidenti Jo Bayden va Pentagon rasmiy vakili Jon Kibri “Al-Qoida” terroristik guruhining Afg‘onistondagi faoliyati bo‘yicha bir fikrga kela olmadi.


Bayden Oq uydagi brifingda Qo‘shma Shtatlar bu tashkilotdan xalos bo‘lgani va harbiylarining Afg‘onistonda bundan ortiq qolishiga ehtiyoj yo‘qligini aytdi. Pentagon esa “Al-Qoida” mamlakatga oldingidek xavf solmoqda, deb hisoblaydi.
“Al-Qoida” endi yo‘q. Biz Afg‘onistonga aniq maqsad — “Al-Qoida”dan xalos bo‘lish va Usama ben Ladenni qo‘lga kiritish uchun borgan edik. Biz buni amalga oshirdik" , — dedi Bayden.
Kibri esa Afg‘onistonda "Islom davlati" va “Al-Qoida” kabi terroristik guruhlar mavjudligiga ishonchi komil ekanini, AQSHga hali jangarilarning aniq soni maʼlum emasligi, Afg‘onistonda amerikaliklarga nisbatan zo‘ravonlik ishlatilgani haqidagi xabarlardan xavotirda ekanini bildirgan.
Bundan avval “Tolibon” harakati yetakchilari “Al-Qoida” terroristik tashkilotiga Afg‘oniston hududidan xavfsiz boshpana sifatida foydalanishni taklif qilgani va mamlakatni “jihod beshigiga” aylantirishga tayyorligini bildirgani haqida xabar bergan edik.
Sharofat Mahmudova







