Panjsher”Tolibon”ga qarshi tura oladi...mi?
Ahmad Masʼud mashhur qoʻmondon Ahmadshoh Masʼudning oʻgʻli, Panjsher viloyatining amaldagi rahbari hisoblanadi.

Masʼud otasi izidan borib, “Tolibon”ga qarshi kurash olib borish niyatida yangi “Shimoliy alyans” tuzilganini eʼlon qildi.
“Tolibon” 15-avgust kuni Kobulni egallab, hokimiyatni qoʻlga kiritdi. Ayni paytda unga boʻysunmagan faqat bitta hudud — mamlakat shimolidagi Panjsher qoldi. Panjsherda mashhur qoʻmondon, “Panjsher arsloni” nomi bilan tanilgan Ahmadshoh Masʼudning oʻgʻli Ahmad Masʼud toliblarga qarshi kurashishini eʼlon qildi. Masʼudni hozirda Afgʻoniston sobiq vitse-prezidenti Amrulla Solih, marshal Abdulrashid Doʻstumning oʻgʻli Yor Muhammad Doʻstum va sobiq mudofaa vaziri Bismilloxon Muhammadiy qoʻllab-quvvatlamoqda. Ahmad Masʼud oʻtgan hafta Gʻarb davlatlariga murojaat qilib, qurol-yarogʻ yetkazib berishni soʻradi.
Masʼudning otasi Ahmadshoh Masʼud afgʻonistonlik mashhur qoʻmondonlardan sanaladi. U sobiq Ittifoq qoʻshinlariga ham, toliblarga ham qarshi muvaffaqqiyatli kurash olib borgan. Masʼud oʻz davrida AQSH maxsus xizmatlari bilan yaxshi aloqa oʻrnatgan. Shuningdek, oʻzining shaxsiy va professional saʼy-harakatlari bilan katta obroʻ qorzongan edi. 90 yillarda aynan uning xatti-harakatlari bilan toliblarga qarshi “Shimoliy alyans” nomi bilan mashhur boʻlgan koalitsiya tuzilgan va u qarshilik harakatining markaziy kuchiga aylandi. 2001-yil 9-sentyabr kuni Masʼud jangarilar tomonidan oʻldiriladi. Ahmad Masʼudning “Tolibon” ga qarshi kurashidagi yana bir motiv ana shundan iborat.
Maʼlumotlarga koʻra, otasi vafotidan keyin Masʼud avval Eronda, keyinchalik Britaniyada Sandxerst Qirollik harbiy akademiyasida tahsil oladi. 2019-yildan boshlab afgʻon siyosatida faol ishtirok eta boshlagan. U otasi ilgari surgan siyosiy tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlaydi.
Masalan, Ahmadshoh Masʼud Afgʻonistonni federatsiyaga aylantirish gʻoyasini ilgari surgan. Kichik Masʼud ham bu gʻoyaga sodiq. Shuningdek, Ahmadshoh Masʼud radikallikning har qanday koʻrinishiga qarshi boʻlgan. Panjsher siyosiy elitasi hali ham bu gʻoyani qoʻllab-quvvatlaydi. Shu bois ham Ahmad Masʼud toliblar hukmronligiga qatʼiy qarshi turyapti.
Soʻnggi kunlarda “Tolibon” bir qancha oliy martabali rahbarlarni, jumladan, Abdulla Abdulla va Hamid Karzayni Panjsherga muzokaralarga joʻnatdi. Ammo amalda bu hech qanday natija bermagan. “Tolibon” Panjsherda ogʻir janglar boʻlishini yaxshi biladi va imkon qadar viloyatni tinch yoʻl bilan nazortga olmoqchi.
Masʼudga soʻnggi kunlarda yangi kuchlar kelib qoʻshilmoqda. Masalan, marshal Doʻstumning oʻgʻli Yor Muhammad Doʻstum kuchlari Panjsherdagi kuchlar bilan birlashdi. Hozirda viloyatda toʻplangan qoʻshinlar soni 10 ming atrofida, deb aytilmoqda
Masʼud tashqi kuchlar tomonidan jiddiy qoʻllab-quvvatlanishi taxmin qilinmoqda. Bu, oʻz navbatida, fuqarolar urushini yanada chuqurlashishiga olib keladi. Yuqorida aytilganidek, Masʼudlar oilasi Gʻarbda katta obroʻga ega. Bu kelgusida uni qurol-yarogʻ bilan taʼminlashda yordam berishi mumkin. Oʻtgan hafta Masʼud bilan Yevropada katta taʼsirga ega faylasuf Anri Levi muzokara oʻtkazgani xabar qilindi. Levi Yevropa siyosiy doiralarida katta mavqega ega, shu bois u oʻziga xos “elchi” vazifasini ham bajarishi mumkin.
Shu bilan birga Ahmad Masʼud muzokaralarga tayyorligini maʼlum qildi. Uning fikricha, Afgʻonistonda tinchlik oʻrnatishning yagona sharti–bu siyosiy muloqot.
Panjsher va u bilan bogʻliq kuchlar asta-sekinlik bilan toliblarga zarba berishmoqda. Masalan, Afgʻoniston shimoli va janubini bogʻlovchi Salang dovoni Masʼud qoʻliga oʻtdi. Bir necha tuman tortib olindi.
“Tolibon”, oʻz navbatida, viloyatga turli kuchlarni jalb qilishda davom etmoqda. 23-avgust kuni harakat Panjsher toʻliq qamal qilinganini eʼlon qildi.
Panjsher Afgʻonistonning keyingi taqdirida muhim oʻrin tutadi. Viloyat ustidan nazorat har qanday kuchni Afgʻonistondagi hukmronligini taʼminlaydi.
Jahongir Qo'ziyev







