Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston mustaqilligining 30 yilligi arafasida 215 nafar mahkumni afv etdi
Shavkat Mirziyoyev 27 avgust kuni «Jazo muddatini o‘tayotgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qatʼiy o‘tgan bir guruh shaxslarni afv etish to‘g‘risida»gi farmonni imzoladi.


Maʼlum qilinishicha, farmon Mustaqillik bayrami arafasida davlat tomonidan olib borilayotgan insonparvarlik siyosatining amaliy tasdig‘i sifatida qabul qilingan.
Farmonga muvofiq, Konstitutsiyaning 93-moddasi 23-bandiga (O‘zbekiston Prezidenti amnistiya to‘g‘risidagi hujjatlarni qabul qilish haqida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senatiga taqdimnoma kiritadi va O‘zbekiston Respublikasining sudlari tomonidan hukm qilingan shaxslarni afv etadi) asosan sodir etgan jinoyati uchun jazo muddatini o‘tayotgan hamda qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qatʼiy o‘tgan 215 nafar shaxs afv etilgan.
Afv etilgan shaxslarning 3 nafari asosiy jazodan ozod etildi, 127 nafari jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilindi, 12 nafarining ozodlikdan mahrum etish jazosi yengilroq jazo bilan almashtirildi. Shuningdek, 73 nafar shaxsga tayinlangan ozodlikdan mahrum etish jazosi muddatlari qisqartirilgan.
Afv etilganlarning 14 nafarini ayollar, 12 nafarini 60 yoshdan oshgan erkak, 69 nafarini chet davlat fuqarolari, 15 nafarini taqiqlangan tashkilotlar ishtirokchilari tashkil etadi.
Farmon ijrosi yuzasidan afv etilgan shaxslarni oilasi va yaqinlari bag‘riga qaytarish, ijtimoiy hayotga moslashib, foydali mehnat bilan shug‘ullanishlari, sog‘lom turmush tarzini yo‘lga qo‘yib, jamiyatda munosib o‘rin topishlari uchun ularga ko‘mak berish bo‘yicha masʼul vazirlik va idoralarga tegishli topshiriqlar berildi.
Avvalroq O‘zbekiston mustaqilligining 30 yillik bayramini nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish munosabati bilan 30 avgustdan boshlab Toshkent metropolitenidagi poyezdlar qatnovi yangi jadval bo‘yicha amalga oshirilishi haqida xabar berilgandi.







