AQSHning isteʼfodagi generallari Mudofaa vaziri isteʼfosini talab qildi
AQSHning bir guruh isteʼfodagi generallari Afg‘onistondagi vaziyat tufayli Mudofaa vaziri isteʼfosini talab qildi.


“Flag Officers For America” tashkiloti saytida eʼlon qilingan maktubda 90 dan ortiq general va admirallar AQSH Mudofaa vaziri Lloyd Ostin va shtab boshlig‘i Mark Millining isteʼfoga chiqishini talab qildi. Mualliflarning fikricha, “Qo‘shinlarni tez olib chiqib ketish sababli nomaʼlum miqdordagi AQSH fuqarolari Afg‘onistonning xavfli tumanlarida qolib ketgan”. Generallar harbiy rahbariyat qo‘shinlarni olib chiqishda yo‘l qo‘yilgan xatolarning oldini olish kerakligini qayd etdi.
Maktubda milliardlab dollarlik qurollarning dushmanlar qo‘liga o‘tishi halokatli, deb baholangan. Shuningdek, AQSH obro‘siga “misli ko‘rilmagan” zarar yetkazilgani taʼkidlangan. Generallarning fikricha, endi ko‘p yillar davomida AQSHni barcha ishonchsiz hamkor sifatida ko‘radi.
“AQSH dushmanlari Afg‘onistondagi zaifligimiz tufayli bizga qarshi chiqadi, bunda eng ko‘p yutadigan taraf — Rossiya va Xitoydir”, deb aytilgan.
15 avgust kuni" Tolibon" tomonidan Kobul shahri egallashi ortidan Afg‘onistondan chel el fuqarolari va ular bilan hamkorlik qilgan afg‘onlar evakuatsiya qilindi. AQSH 31 avgust kuni barcha qo‘shinlarini olib chiqib ketdi va Afg‘onistondagi ishtirokini yakunlandi.
Eslatib o‘tamiz, bundan avval Ahmad Masʼud “Tolibon” inklyuziv hukumat tuzgan taqdirda kurashni to‘xtatishini aytib o‘tgan edi.
Jahongir Qo‘ziyev







