AQSH hukumati voyaga yetmagan qizlarga uylangan afg‘onlarga nisbatan surishtiruv boshladi
AQSH hukumati voyaga yetmaganlar bilan turmush qurgan va keyinchalik evakuatsiya qilingan afg‘onlarga nisbatan surishtiruv boshladi.


CBC News nashrining maʼlumotlariga ko‘ra, hozirda BAAdagi AQSH bazalarida bo‘lib turgan baʼzi afg‘on qizlari mamlakatni tark etishi uchun hatto Kobul aeroporti ostonasida nikohdan o‘tishga majburlangan.
Rasmiylar bu kabi holatlarni odam savdosi sifatida baholamoqda.
Davlat departamentining yuqori martabali amaldori bu maʼlumotlar Vashington tomonidan jiddiy qabul qilinganini taʼkidladi. Hozirda dastlabki surishtiruv ishlari boshlangan. AQSHda odam savdosi federal darajada ham, alohida olingan shtatlar darajasida ham og‘ir jinoyatlardan biri sanaladi. Shu bilan birga hozircha voyaga yetmaganlarga uylangan afg‘onlarga qanday jazo qo‘llanilishi borasida aniq to‘xtamga kelinmagan.
15 avgust kuni Kobul shahri “Tolibon” tomonidan jangsiz egallandi. Shundan keyin xorijiy davlatlar fuqarolari va ular bilan hamkorlik qilgan afg‘onlarni evakuatsiya qilish boshlangan. 100 minglab afg‘onistonliklar mamlakatni tark etishgan.
AQSHga evakuatsiya qilingan afg‘onlarning 100ga yaqini turli terrorchi guruhlarga aloqador ekani maʼlum bo‘lgan. Shuningdek, Berlinda 5 sentyabr kuni evakuatsiya qilinganlardan biri 2 kishini pichoqlagani xabar qilingan edi.
Avvalroq BMT Afg‘onistonga yordam berishni davom ettirishga vaʼda berdi.
Jahongir Qo‘ziyev







