BMT koordinatori Martin Griffits Mulla Abdulg‘ani Barodar bilan uchrashdi
5-sentyabr kuni Kobulga BMT Bosh kotibining gumanitar masalalar bo‘yicha o‘rinbosari va favqulodda yordam koordinatori Martin Griffits tashrif buyurdi. Bu haqda harakat vakili Muhammad Naim xabar bergan.


Griffits toliblar siyosiy qanoti yetakchisi Mulla Abdulg‘ani Barodar bilan uchrashgan. Harakatning yana bir vakili Suhayl Shahinning maʼlum qilishicha, BMT gumanitar yordam berishni davom ettiradi.
“BMT delegatsiyasi afg‘on xalqiga gumanitar yordam berishni davom ettirishga vaʼda berdi. Afg‘onistonga davomiy ko‘mak berish masalasi homiy davlatlarning keyingi uchrashuvida ko‘tariladi. Islom amirligi delegatsiyasi BMTga minnatdorchilik bildirib, hamkorlikka va zarur sharoitlar yaratib berishga tayyorligini maʼlum qildi”, deb qayd etgan Shahin.
Maʼlumot o‘rnida: AQSH qo‘shinlari olib chiqib ketilishi ortidan Afg‘onistonda toliblar hujumlari kuchaydi. 2021 yil avgustda harakat viloyatlarni birin-ketin bosib oldi. “Tolibon” 15 avgust kuni Kobul shahrini jangsiz egalladi. Hozirda Afg‘onistonning quruqlikdagi chegaralari to‘liq toliblar nazoratiga o‘tgan. Faqat Panjsher viloyati qarshilik ko‘rsatib, janglar davom etmoqda. Bu yerda Ahmad Masʼud boshchiligida Milliy qarshilik fronti tuzilgan.
Eslatib o‘tamiz, bundan avval Afg‘oniston chuqur gumanitar inqiroz yoqasida turgani xabar qilingan edi.
Jahongir Qo‘ziyev







