Qosim-Jo‘mart To‘qayev: “Qozog‘iston “Tolibon”bilan ishchi aloqalar o‘rnatishga tayyor”
Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev chet davlatlar elchilaridan ishonch yorliqlarini qabul qilish marosimida Qozog‘istonning Afg‘onistondagi vaziyat bilan bog‘liq pozitsiyasini bayon qildi, deb xabar beradi davlat rahbari matbuot kotibi Berik Uali.


“Garchi Afg‘oniston bilan umumiy chegaramiz bo‘lmasa-da, Olmaotadan Kobulga samolyotda atigi bir soatlik yo‘l. Afg‘onistondagi voqealar mintaqaviy xavfsizlik muammolari bilan chambarchas bog‘liq. Qozog‘iston zo‘ravonlik, giyohvand moddalar savdosi va nazoratsiz migratsiyani oldini olish uchun hamkorlik qilishga tayyor”, – dedi To‘qayev.
Taʼkidlanganidek, toliblar birlashgan, inklyuziv va vakillik milliy hukumatni tuzish orqali moʻtadil va muzokaralar uchun ochiq jamiyat qura oladi. Afg‘oniston barqaror, suveren va birlashgan davlatga aylanishi, o‘zi va qo‘shnilari bilan tinchlik va totuvlikda yashashi kerak.
Qozog‘iston yangi hokimiyat bilan ishbilarmonlik aloqalarini o‘rnatishga tayyor. Xalqaro hamjamiyat Afg‘onistonni muammo va qiyinchiliklar girdobiga tashlab qo‘ymasligi, aksincha unga yordam qo‘lini cho‘zishi kerak.
Eslatib o‘tamiz, bundan avval Qozog‘iston Prezidenti “Tokio — 2020” dagi mamlakat sportchilari erishgan natijani tanqid qilgan, Olmaotada O‘zbekiston fuqarosi 340 dollar jarimaga tortilgani haqida xabar berilgan edi.
Akram Xamraqulov







