11-sentabr teraktlari ortida kimlar turgani qisman ochiqlandi
AQSH maxsus xizmatlari 11-sentabr teraktlariga oid yangi maʼlumotlarni taqdim etishda davom etmoqda. Bu galgi hujjatlar teraktlar ortida kim turganligi to‘g‘risidagi savolga qisman javob berdi.


Federal qidiruv byurosi maʼlumotlariga ko‘ra, terrorchilar Saudiya Arabistoni yuqori martabali amaldorlari bilan aloqada bo‘lgan. Xususan, prortlashni amalga oshirishda qatnashgan Navaf al-Xazmi va Xolid al-Midxor AQSHga 2000-yil kuzida xalqaro talabalar almashinuvi dasturi doirasida kirib kelgan. Ularga mamlakatda uzoq yillardan buyon istiqomat qilayotgan Umar al-Bayomiy ismli saudiyalik yordam bergan. U yuqoridagi 2 kishini pul va uy-joy bilan taʼminlab turgan.
Umar al-Bayomiy Saudiya Arabistoni elitasi bilan bevosita bog‘liq bo‘lmagan, ammo u Los-Anjeles konsulligida iliq qabul qilingan. Konsullik hujjatlarida u talaba sifatida qayd etilgan. Samolyotlar olib qochilganidan ikki hafta oldin u AQSHni tark etgan.
Bundan tashqari terakt ijrochilari Los Anjelesdagi masjid imomlaridan biri Faxad al Tumayri bilan bir necha bor uchrashgan. Tumayri ustidan bundan avval politsiyaga shikoyat tushgan. Lekin u 11-sentabr voqealaridan bir necha hafta oldin izsiz yo‘qolgan.
“Terrorchilar “Al-Qoida” bilan bir necha bor aloqaga chiqqan. Shuningdek, Saudiya Arabistonining alohida tashkilotlari bilan muloqot bo‘lgan. Ular samolyotni o‘g‘irlashda moliyaviy yoki logistik jihatdan yordam bergan bo‘lishi mumkin. Saudiya Arabistoni yuqori doiralarining 11 sentyabr kungi portlashlarga aloqadorligi haqida aniq dalil yo‘q” - deyiladi hisobotda.
Maʼlumot o‘rnida: 2001-yil 11-sentabrda Nyu-Yorkdagi Jahon savdo markazi va Vashingtondagi Mudofaa vazirligi binosiga samolyotlar vositasida terakt uyushtirilgan. Oqibatda 3 mingga yaqin inson halok bo‘lgan.
Bundan avval AQSH Prezidenti Jozef Bayden teraktga oid hujjatlarni oshkor qilishga buyruq bergan edi.
Jahongir Qo‘ziyev







