AQSH uch davlatni noto‘g‘ri maʼlumot tarqatishda aybladi
Bu maʼlumotlar Afg‘onistondan AQSH qo‘shinlari olib chiqilishi bilan bog‘liq.


AQSH ichki xavfsizlik vaziri Alexandro Mayorkasning taʼkidlashicha, Eron, Xitoy va Rossiya Vashingtonning Afg‘onistondan chiqib ketishi to‘g‘risida yolg‘on axborot tarqatgan. "Rossiya, Eron va XXR, shuningdek, boshqa shaxslar Amerika va xalqaro jamiyatga irqiy adolat, 2020-yilgi Prezident saylovlari, AQSH vaksinalari samaradorligi, shu bilan birga bizning Afg‘onistondan ketishimiz haqida yolg‘on maʼlumot berishda davom etmoqda",— degan vazir.
Vashington Moskva va Pekinni avvaldan bir qancha masalalarda noto‘g‘ri axborot tarqatishda ayblab keladi, ammo Rossiya va Xitoy buni inkor qilgan.
Maʼlumot o‘rnida: 15 avgust kuni “Tolibon” harakati Kobulni egallagan. 31 avgustda AQSH Afg‘onistonni to‘liq tark etdi. Harakat tomonidan egallanmagan yagona viloyat Panjsher edi. Ammo 6 sentyabrda ushbu hudud ham “Tolibon” nazoratiga o‘tdi. Shundan keyin 7 sentyabr kuni mamlakatning yangi hukumati tuzilgani eʼlon qilindi.
Eslatib o‘tamiz, bundan avval “Tolibon” OAV uchun yangi qoidalar ishlab chiqqani xabar qilingandi.
Jahongir Qo‘ziyev







