Kriminal avtoritetga ega jinoyatchi sud zalining o‘zida otib o‘ldirildi
Dehli politsiyasi komissari Rakesh Astananing ma’lum qilishicha, taniqli jinoyatchi Jitender Gogi Dehlidagi sud zalida otib, o‘ldirildi.


Uning aytishicha, qotillar sud binosiga advokatlar qiyofasida kirib olishgan.
Jitender Gogi qator jinoyatlarga daxldorlikda gumon qilinib, o‘tgan yili “Tixar” qamoqxonasiga keltirilgandi. “Tillu to‘dasi” nomi bilan tanilgan jinoiy guruh Gogini o‘ldirishga qasd qilgani ma’lum bo‘lgach, politsiya uning xavfsizligini ta’minlash uchun kasalxonada vafot etgan, deya xabar tarqatgandi. Biroq, bu xiyla ish bermadi. Kecha, 24-sentabr kuni sud zaliga keltirilgan Gogi guvohlar va sudyaning ko‘z o‘ngida otib tashlangan.
“Raqobatchi guruhning ikki a’zosi sud binosi ichida Jitender Gogiga o‘q uzgan. Politsiya tezkor harakatlanib, ikki qotilni o‘ldirgan. Sud zalida jami uch kishi halok bo‘lgan. Umumiy 30 ta o‘q uzilgan. Sud binosidagi metall qidirgich ishlaganmi-yo‘qmi, buni hali aniqlaymiz. Hozircha bunga izoh berolmayman. Surishtiruvni boshladik, o‘q uzishga daxldor hech kimni ayab o‘tirmaymiz”, — degan Rakesh Astana “NDTV” telekanaliga bergan intervyusida.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq, Rossiyaning Perm shaxrida otishma sodir sodir bo‘lgani haqida xabar berilgandi.
Munojat Valiyeva







