Bekobodda 20 ming dollarga giyohvand modda sotayotgan shaxs qo‘lga olindi
Bekobod tumanida tashkil etilgan reyd davomida 1 kg “gashish” giyohvandlik vositasini 20 ming AQSH dollarga sotayotgan shaxs ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi. Bu haqda Toshkent viloyati IIBB matbuot xizmati maʼlum qildi.


Xabarda aytilishicha, joriy yilning 18-sentabr kuni IIV hamda Toshkent viloyati IIBB va uning quyi tizim xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbir davomida, Bekobod tumani “Farhod” mahallasida yashovchi, 1981-yilda tug‘ilgan E.A. tuman Zafar qo‘rg‘oni markazida 20 ming AQSH dollari evaziga 1 kg “gashish” giyohvandlik vositasini maxsus xaridorga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan qo‘shimcha surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, bundan avval Samarqandda giyohvand modda sotayotgan 66 yoshli shaxs ushlanib, tez yordam haydovchisi katta miqdordagi giyohvand moddalar bilan qo‘lga olingandi. Shuningdek, qariyib 100 kg.ga yaqin giyohvand modda yashirincha olib kirilishining oldi olingani hamda Surxondaryoda haydovchi O‘zbekistonga 97 kg giyohvandlik vositalarini olib kirishga uringani haqida xabar berilgandi.
Cho‘lponoy Ahmedova







