Endi jazo muddatini o‘taganlar ham farzand asrab olishlari mumkin
Bugungi kunga kelib farzandlikka olish istagida navbatda turganlarning soni farzandlikka olganlarga nisbatan ancha yuqoriligicha qolmoqda. Oqibatda, noqonuniy yo‘llar bilan farzand asrab olish, shu jumladan, bola savdosi bilan bog‘liq holatlar uchramoqda.


Aynan shunday holatlarni oldini olish uchun Senatning 19-yalpi majlisida mazkur qonun senatorlar tomonidan muhokama qilindi.

Ushbu qonun bilan O‘zbekistonda Oila kodeksi hamda "Vasiylik va homiylik to‘g‘risida"gi qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish nazarda tutilmoqda.
Milliy qonunchiligimizda joriy qilingan farzandlikka olish institutidan foydalanilgan holda 2017 yilda 4 ming nafar bola sud tartibida farzandlikka olingan bo‘lsa, 2018 yilda bu ko‘rsatkich 4,1 mingtani, 2019 yilda esa 4,3 mingtani tashkil etgan.
Shu sababli “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturida farzandlikka olish amaliyotini o‘rganish va bu bo‘yicha huquqiy asoslarni qayta ko‘rib chiqish belgilangan edi.
Farzandlikka olish borasidagi ishlar tahlili hamda qonunchilikda mavjud tartib-taomillar bilan bog‘liq bo‘shliqlarni bartaraf etish maqsadida “Farzandlikka olish tartibining huquqiy asoslari takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun ishlab chiqildi.
Endilikda qonun bilan ijtimoiy ahamiyati katta bo‘lmagan, uncha og‘ir bo‘lmagan hamda farzandlikka olishga to‘sqinlik qilmaydigan jinoyat turlarini sodir etib, jazo muddatini o‘taganlarga nisbatan farzandlikka va vasiylikka olish imkoniyati yaratilyapti.
Avvalroq "Mehr daftari" tizimi va unga kimlar kiritilishi haqida xabar qilingandi.
Cho‘lponoy Ahmedova







