Agar vaziyat taqozo qilsa, Belarus va Rossiya yagona harbiy bazaga aylanadi — Aleksandr Lukashenko
Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenko mamlakatga nisbatan tashqi agressiya sodir etilsa, Minsk Rossiya bilan yagona harbiy bazaga aylanishini ma'lum qildi.


Lukashenko bu haqda “CNN” bilan intervyu vaqtida aytgan. "Agar vaziyat taqozo qilsa Belarus va Rossiya yagona harbiy bazaga aylanadi. Bundan ko‘zlangan maqsad — siz (g‘arb)ning agressiyasini qaytarish. Agar siz yoki ayrim qo‘shni davlatlar bizga hujum qilishga jurʼat etsa, buni yaxshi tushunishingiz kerak", – degan Belarus rahbari.
Shu bilan birga, Lukashenko Belarusda ikki fuqarolik bazasidan tashqari Rossiyaning boshqa harbiy obyektlari yo‘qligini taʼkidladi. "Bu sobiq ittifoq davridan qolgan bazalar. Uning qurilishidan maqsad – yadro hujumidan oldindan ogohlantirish bo‘lgan. Ikkinchi baza esa aloqa qismi bo‘lib, bu orqali Rossiya o‘zining Atlantika okeanidagi floti bilan aloqa qiladi", — deb qo‘shimcha qilgan Prezident. Shuningdek, bu bazalarda 30-40 kishi xizmat qilishini qayd etgan.
Bundan avval Litva Belarus bilan chegarada tikonli simlar o‘rnatishi hamda Polsha Minskni migratsion inqirozda ayblab chiqqani xabar qilingandi.
Jahongir Qo'ziyev







