Qarshida tug‘ilgan uch egizakka Shavkat, Mirziyo va Miromon ismlari qo‘yildi
Qashqadaryo viloyatining Qarshi shahridagi tug‘ruqxonada 1 oktyabr, juma kuni uch nafar egizak dunyoga keldi. Egizaklarning uchalasi ham o‘g‘il bola. Bu haqda viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi axborot xizmati xabar qildi.


Maʼlum qilinishicha, chaqaloqlar Qarshi tumanining “Uzunnavo” mahallasida yashovchi Murodovlar oilasida dunyoga kelgan.
"Polvonlarning onasi Shahlo Husanova 30 yoshda bo‘lib, viloyat teri-tanosil shifoxonasida hamshira bo‘lib ishlaydi. Otasi Iskandar Murodov esa 37 yoshda bo‘lib, Milliy gvardiya xodimi sifatida faoliyat olib boradi", — deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, egizaklardan birining vazni 2,1 kilogramm, ikkinchisi 2,4 va uchinchisi 2,2 kilogramm vazn bilan tug‘ilgan.

"Chaqaloqlarga ota-onasi Shavkat, Miromon va Mirziyo deb ism qo‘ydi. Ayni paytda oiladagi bolalar soni besh nafarga yetdi. Bungacha Murodovlarning bir o‘g‘il, bir qizi bo‘lgan", — deydi boshqarma axborot xizmati rahbari Nuriddin Egamov.

Eslatib o‘tamiz, 2020-yil oktabrida Buxoro viloyati Shofirkon tumanida 3 egizak tug‘ilgani, ularga Mirziyo, Miromon va Saida ismlari qo‘yilgandi.
Shuningdek, 2019-yilda Jizzax, Xorazm, Buxoro, Qashqadaryo viloyatlarida tug‘ilgan uch egizaklarga Shavkat, Miromon va Mirziyo ismlari Farg‘onada tug‘ilgan uch egizakka esa Shavkatjon, Ziroatxon va Saidaxon ismlari qo‘yilgan.
Avvalroq Qashqadaryoda tug‘ilgan 3 egizakka Ziroat, Saida va Shahnoza ismlari qo‘yilgani haqida xabar berilgandi.







