O‘zbekistonda 2025 yilgacha 18 ta elektr stansiya foydalanishga topshiriladi
Ularning umumiy quvvati 7 ming 331 MVt bo‘lib, issiqlik, quyosh va shamol elektr stansiyalaridan iborat bo‘ladi. Bu haqda Energetika vazirligi axborot xizmati maʼlum qildi.


Qayd etilishicha, bu borada 18 ta investitsiya bitimi imzolangan. Mazkur stansiyalar amaldagi elektr energiyasining 50 foizini ishlab chiqaradi.
2021-yilda Toshkent viloyati Qibray tumanida umumiy quvvati 710 MVt bo‘lgan 3 ta issiqlik elektr stansiyasi, Xorazm viloyatining Yangiariq tumanida 2021-yil dekabr oyida quvvati 174 MVt bo‘lgan issiqlik elektr stansiyasi foydalanishga topshiriladi.
2023 yilda Navoiy viloyati Karmana, Nurota va Tomdi tumanlarida umumiy quvvati 800 MVt bo‘lgan 3 ta quyosh va bitta shamol elektr stansiyasi, Samarqand viloyati Nurobod va Kattaqo‘rg‘on tumanlarida esa umumiy quvvati 320 MVt bo‘lgan 2 ta quyosh fotoelektr stansiyasi ishga tushiriladi.
Jizzax viloyati G‘allaorol tumanida quvvati 220 MVt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyasi, Sirdaryo viloyati Yangiyer va Shirin shaharlarida quvvati 720 MVt bo‘lgan 2 ta issiqlik elektr stansiyasi qurib bitkaziladi.
2024-yilda Buxoro viloyatining Peshku, G‘ijduvon va Buxoro tumanlarida umumiy quvvati 1 270 MVt bo‘lgan issiqlik va shamol elektr stansiyalari, Qoraqalpog‘iston Respublikasining Qorao‘zak tumanida quvvati 100 MVt bo‘lgan shamol elektr stansiyasi ishga tushiriladi.
2025-yilda esa Surxondaryo viloyati Sherobod va Angor tumanlarida umumiy quvvati 2 017 MVt bo‘lgan quyosh va issiqlik elektr stansiyasi ishga tushiriladi.
Bundan avval Qirg‘izistonda kuz-qish mavsumida ko‘cha chiroqlari o‘chirilayotgani, bu yilgi kuz-qish mavsumida mamlakatimizda elektr energiyasi qanday holatda bo‘lishi hamda Surxondaryo va Xorazmda elektr stansiyalari qurilishi haqida xabar berilgandi.
Olamgir Abdiyev







