AQSH ham “TikTok”ga qarshi
TikTokda Challenge "Devious Licks"ning virusli videolaridan keyin AQSHda o‘quvchilar orasida maktablarni vayron qilish holatlari ko‘payib ketdi.


O‘qituvchi va yuristlar TikTok'dan “xavfli kontentlar” bilan kurashishni talab qilmoqda. Ulardan biri “o‘qituvchini urish” deb ataladi. Unga ko‘ra, o‘quvchi o‘z murabbiyi yoki maktab xodimiga sekin zarba berib, qochib ketishi kerak. Bu vazifa oktabr oyi uchun berilgan. Bundan tashqari, sentabr oyida “hojatxonani buzish” chellenji o‘tkazilgan.
Konnektikut shtati bosh prokurori Uilyam Tong TikTok bosh direktoriga yo‘llagan maktubida ilovani isloh qilish zarurligini, shu orqali bemaʼni kontentlarni to‘xtatish kerakligini taʼkidlagan. O‘z navbatida, TikTok bu kabi tendensiyalar mavjud emasligini qayd etdi. Kompaniya fikricha, yuqoridagi holatlar “butun dunyo pedagoglarini haqorat qilish” hisoblanadi.
Janubiy Karolina shtati Lankaster okrugi maktab transporti va xavfsizligi bo‘yicha direktori Brayan Vogan TikTok'dagi virusli videoroliklar oqibatida yoshlar orasida meʼyordan ortiq dori isteʼmol qilish, tananing turli sohalariga zarar yetkazish va boshqa xavfli jismoniy harakatlar soni oshib ketganini maʼlum qilgan. Voganning fikricha, maktablardagi yuqoridagi chellenjlar TikTok'ning xavfli kontent tarqalishi ustidan nazorat o‘rnata olmasligini ko‘rsatadi. U, shuningdek, o‘g‘rilik va mulkning yo‘q qilinishi sho‘xlik emas, balki jinoyat ekanini taʼkidladi.
Bundan avval O‘zbekistonda ham TikTok'chilar jarimaga tortilgani hamda TikTok dunyodagi eng ko‘p yuklangan ilovaga aylangani xabar qilingandi.







