JSST Shimoliy Koreyaga koronavirusga qarshi kurashish uchun dori-darmon jo‘natdi
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Xitoyning Dalian porti orqali Koreya Xalq Demokratik Respublikasiga COVID-19 bilan kurashish uchun dorilarni yuborishni boshladi. Bu haqda “Yophan” agentligi JSST hisobotiga tayanib xabar berdi.

Lekin hisobotda Shimoliy Koreyaga qachon va qanday tibbiy buyumlar yuborilgani aniq ko‘rsatilmagan. Xitoyda koronavirus tarqalishidan so‘ng, Pxenyan chegaradagi nazoratni kuchaytirdi va iyul oyida Shimoliy Koreyaning Nampo porti bilan bog‘laydigan asosiy yuk tashish yo‘lini yopdi.
KXDR mamlakat "koronavirusdan holi" deb daʼvo qilishda davom etmoqda. JSST maʼlumotlariga ko‘ra, Shimoliy Koreyaning 40 ming 700 nafar fuqarosi koronavirus uchun sinovdan o‘tgan. 2021-yil 23-sentabr holatiga ko‘ra, COVID-19 bilan kasallangan birorta ham holat qayd etilmagan.
Bundan avval Shimoliy va Janubiy Koreya harbiylar uchun ishonch telefoni va alohida aloqa kanali orqali aloqalarni tiklagani haqida xabar berilgandi.
Nasiba To‘xtayeva







