Seul, Tokio va Vashington KXDR bo‘yicha muzokaralar o‘tkazadi
19 oktyabr kuni Seul, Tokio va Vashington KXDR bo‘yicha muzokaralar o‘tkazadi. Bu haqda Janubiy Koreya tashqi ishlar vazirligi maʼlum qildi.


Maʼlumotlarga ko‘ra, uchrashuvdan ko‘zlangan asosiy maqsad — Shimoliy Koreyani yadro dasturidan voz kechishga qaratilgan muzokaralarga qaytarishdan iborat. 19 oktyabr kuni Janubiy Koreyaning Koreya yarimorolidagi tinchlik va xavfsizlik bo‘yicha maxsus vakili No Gyu Dok hamda uning AQSH va Yaponiyalik hamkasblari Son Kim va Takexiro Funakosi shu masala yuzasidan uch tomonlama muzokaralar o‘tkazadi.
Shuningdek, uchrashuv kun tartibida Janubiy Koreya prezidenti Mun Chje In taklif qilgan Koreya urushini rasman tugatish to‘g‘risida hujjat imzolanishi tashabbusi muhokama qilinadi. 1950-1953 yillarda ikki Koreya o‘rtasidagi urush yakunlari bo‘yicha tinchlik shartnomasi imzolanmagan, urush muvaqqat yarashuv bilan yakun topgan.
Shu bilan birga uchrashuv davomida Shimoliy Koreyaga gumanitar yordam ko‘rsatish masalasi ham ko‘rib chiqilishi mumkin.
Maʼlumot o‘rnida: Shimoliy Koreya bo‘yicha uch tomonlama maslahatlashuv so‘nggi bor sentyabr oyida o‘tkazilgan edi. Unda Pxenyanni muzokaralarga qaytarishning turli variantlari ko‘rib chiqilgan.
Avvalroq Kim Chen In Janubiy Koreya va AQSHni keskin tanqid qilgani hamda Janubiy Koreya va KXDR o‘rtasidagi aloqa tizimi 55 kunlik tanaffusdan so‘ng tiklangani xabar qilingandi
Jahongir Qo'ziyev







