“Tolibon” hukumati Afg‘onistonda ko‘knori yetishtirishni kamaytira oladi...mi?
Maʼlumki, “Tolibon” hokimiyatga kelgan dastlabki kunlardanoq Afg‘onistonda giyohvandlikka qarshi keskin kurash olib borishini maʼlum qilgan edi. Shu bois, ayni paytda ko‘chalarda to‘dalashib turgan giyohvandlar qo‘lga olinib, kasalxonalarga majburlab olib ketilmoqda.

Lekin shunday bo‘lsa-da, “Tolibon” afyun savdosidan katta daromad ko‘rishi aytiladi. “Tolibon” esa doimo buni inkor etib keladi.
Qayd etilishicha, dunyoda musodara qilingan morfin va geroinning 80 foizdan ortig‘i Afg‘onistonda yetishtirilgan.
Maʼlumotlarga ko‘ra, BMTning Giyohvand moddalar va jinoyatchilikka qarshi kurash idorasining Afg‘oniston Milliy statistika va axborot boshqarmasi bilan hamkorlikda o‘tgan yili o‘tkazgan tadqiqoti natijasi shuni ko‘rsatdiki, Afg‘onistonda 2020-yilda ko‘knor yetishtirish 2019-yilga nisbatan 37 foizga oshgan. Jami 6300 tonna afyun yetishtirilgan.
2020-yilda 224 ming gektar yerda ko‘knori ekilgan. 2019-yilga nisbatan 61 ming gektarga ko‘paygan.
Eslatib o‘tamiz, bundan avval Hindistonda Afg‘onistondan kirib kelgan 3 tonnaga yaqin geroin aniqlangani va “Tolibon” Rossiyani giyohvandlikka qarshi kurashda hamkorlikka chaqirgani haqida xabar berilgandi.
Cho‘lponoy Ahmedova







