Islohotlar.uz' platformasi siz qoldirgan izohni maxfiy saqlaydi
Bugun, 16-oktabr kuni Toshkent shahridagi Xalqaro media-hollda “islohotlar.uz” elektron platformasi va uning ishlash mexanizmlari taqdimoti o‘tkazildi. Uni “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov olib bordi.

Mazkur platforma Harakatlar strategiyasi doirasida amalga oshirilgan barcha islohotlar va ularning natijalari haqidagi maʼlumotlarni sodda va ommabop ko‘rinishda o‘z ichiga joylagan.
Jumladan, uni yaratish jarayonida, "Taraqqiyot strategiyasi" markazi hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) mutaxassislari tomonidan davlat organlarining rasmiy raqamlari va statistikalari o‘rganib chiqilgan. Shuningdek, xalqaro tashkilotlarning hisobotlari, xorijiy ekspertlar va fuqarolik jamiyatining baholashlari ham tahlil qilingan. Saralash natijasida 70 dan ortiq vazirlik va idoralar tomonidan taqdim qilingan 1 200 dan ziyod hujjatlar ichidan 400 dan ortiq eng muhimlari tushunarli bo‘lgan xalqona tilda platformaga joylashtirildi.
“Islohatlar.uz” platformasi xorijliklar uchun yoki boshqa tilli fuqarolar uchun ham xizmat ko‘rsatadi. Bunda foydalanuvchi “reforms.uz” deb internet tarmog‘ida qidiruv berishi lozim.
Platformaning qulayligi shundaki, foydalanuvchi strategiya bo‘yicha takliflarini ham berib borishi mumkin.
— Platformaga tashrif buyuruvchi qoldirgan izohini boshqalar ko‘rolmaydi. Uni faqat saytdagi mutaxassislar kuzatishi mumkin. Ular foydalanuvchining tanqid-takliflarini qabul qilishadi. Javob berishadi. Maqsad, foydalanuvchining ism-sharifi maxfiy saqlanishidir. Bundan tashqari, agar u noo‘rin so‘z ishlatsa, uni ko‘rgan boshqalarning fikri ham salbiy bo‘lishi mumkin. Bularning oldini olish maqsadida maxfiylik muhimdir, – deydi Eldor Tulyakov.
Saytdagi barcha raqamlar taqqoslanuvchi shaklda keltirilgan bo‘lib, kuzatuvchilar 1991-yildan 2016-yilgacha va 2017-yildan 2021-yilgacha bo‘lgan vaqt oralig‘idagi barcha maʼlumotlarni taqqoslab ko‘rishlari mumkin. Eng muhimi, maʼlumotlar platformaga o‘zbek, rus va ingliz tillarida joylashtirilgan.
Avvalroq ITB yangi raqamli platforma hamda Covid-19 bilan bog‘liq chat-bot ishga tushgani haqida xabar berilgandi.







