Ochlik eʼlon qilgan Mixail Saakashvilining ahvoli qoniqarli ekani maʼlum qilindi
Gruziya sobiq prezidenti Mixail Saakashvilining ahvoli qoniqarli, u kasalxonaga yotqizilmaydi. Bu haqda uning vrachi Nikoloz Kipshidze maʼlum qildi.


Kipshidze uzoq vaqtdan so‘ng Saakashvilining oldiga kirishga muvaffaq bo‘lgan. “Oxirgi uchrashuvimizdan keyin men eng yomon holatni kutgandim. Ammo shuni aytishim mumkinki, Saakashvilining organizmi juda baquvvat. Hozirda u kasalxonaga yotqizilishi shart emas, ammo qachondir bunga ham zarurat tug‘iladi”, – degan Kipshidze jurnalistlarga.
Uning qo‘shimcha qilishicha, Saakashvili ochlikni davom ettiryapti. Hozirda u faqat choy yoki suv isteʼmol qilmoqda. Shuningdek, Saakashvili zarurat tug‘ilgan taqdirda vrachlar xulosasiga ko‘ra, davolanishga rozi bo‘lgan.
Maʼlumot o‘rnida: Saakashvili 1 oktyabr kuni qamoqqa olingan. U Gruziyaga 8 yillik tanaffusdan so‘ng qaytib keldi. Sobiq prezident 2004-2013 yillarda mamlakatni boshqargan. Shundan keyin u ukraina fuqaroligini qabul qilgan va bir qancha lavozimlarda ishlagan.
Bundan avval qamoqxonada ochlik eʼlon qilgan Saakashvilining salomatligi jiddiy yomonlashgani hamda Saakashvili nima uchun qaytgani xabar qilingandi.
Jahongir Qo'ziyev







