AQSHga nisbatan ittifoqchilarning ishonchsizligi ortgan — The Washington Post
AQSH ittifoqchilari bo‘lgan baʼzi davlat rahbarlari Jozef Baydenning tashqi siyosatiga ehtiyotkorona qaramoqda. Bu haqda The Washington Post ayrim siyosatchilar bilan intervyudan so‘ng maʼlum qildi.

Nashrning yozishicha, Afg‘onistondan tartibsiz chiqib ketish va Fransiya bilan munosabatlarning sovuqlashganidan keyin AQSHning ko‘plab ishonchli hamkorlari bilan aloqalari kuchsizlanmoqda. Bayden prezidentligining qariyb bir yili shuni ko‘rsatmoqdaki, uning eng ashaddiy siyosiy raqobatchilari va hattoki qator do‘stlari orasida ham prezident AQSHga bo‘lgan ishonchni pasaytirgani hamda mamlakatning dunyodagi yetakchi maqomini tiklash to‘g‘risidagi vaʼdalarini bajara olmasligi haqida fikr shakllandi.
“AQSHning qaytganini inkor qilib bo‘lmaydi. Ammo baʼzi jabhalarda ko‘proq, baʼzi jabhalarda kamroq ‘qaytdi‘ ”, – degan Latviya prezidenti Egils Levits. Ismi oshkor qilinishini istamagan Yevropa davlatlaridan birining amaldori esa, aksincha, AQSHga bo‘lgan ishonchsizlik juda bo‘rttirib yuborilganini aytgan. “Hozir bu ichki siyosatning asosiy bahslaridan biriga aylangan”, – deb qo‘shimcha qilgan u. “Bayden maʼmuriyatiga bo‘lgan ishonch u nima qila olishi, qaysi vaʼdalarini bajara olishiga bog‘liq”, – deb xulosa qilgan amaldor.
The Washington Post, shuningdek, Baydenni Tramp bilan solishtirilishiga eʼtibor qaratgan. Masalan, AQSHning munosabatlari tom maʼnoda sovuqlashgan Saudiya Arabistoni uchun Bayden begona bo‘lib qoladi.
Janubiy Koreya tashqi ishlar vaziri Cho Iy Yon esa AQSHning amaldagi prezidentini “ehtiyotkor siyosatchi” sifatida baholagan.
Vashingtonning Afg‘onistonni tark etishi ham qator ittifoqchilarning hafsalasini pir qilgan. Maqolada aytilishicha, baʼzi hamkorlar “AQSH qo‘shinlari olib chiqilishini OAV orqali bilgan”. “Bu NATOda yoqimsiz iz qoldiradi. Ammo Amerika maʼmuriyati doim Amerika manfaatlari yo‘lida harakat qiladi”, – degan Yevropaning yuqori martabali amaldori.
Bundan avval AQSH Tayvanga mudofaa sohasida yordam berishda davom etishi hamda AQSH “Tolibon” bilan muzokara o‘tkazgani xabar qilingandi.
Jahongir Qo'ziyev







