Senat tomonidan ikki nafar sudya Oliy sud sudyaligiga tasdiqlandi
Senat Oybek Barakabayev va Doniyorjon Tojiboyevni o‘n yillik muddatga O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi sudyasi lavozimiga tasdiqladi. Bu haqda Senat axborot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, Senatning XX yalpi majlisida senatorlar O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tarkibiga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi masalani ko‘rib chiqdi.
O‘zbekiston Konstitutsiyasining 80-moddasi 3-bandi va “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati to‘g‘risida”gi konstitutsiyaviy qonunning 9-moddasi birinchi qismi 3-bandiga muvofiq Oybek Barakabayev va Doniyorjon Tojiboyev o‘n yillik muddatga O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining sudyasi lavozimiga tasdiqlandi.
Maʼlumot uchun: Oybek Barakabayev 2018 yildan hozirga qadar Andijon viloyat maʼmuriy sudi sudyasi lavozimida, Doniyorjon Tojiboyev 2017 yildan hozirga qadar Namangan viloyat maʼmuriy sudi sudyasi, Namangan tumanlararo muʼmuriy sudi raisi lavozimlarida ishlab kelgan.
Eslatib o‘tamiz, Senat yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga aholini asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan kafolatli taʼminlashga qaratilgan qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqilgandi.
Bundan avval Senat tomonidan joriy yil uchun davlat byudjeti xarajatlariga oid hujjat tasdiqlangani, ayrim oziq-ovqat mahsulotlari qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod etilishi mumkinligi hamda qadimiy shaharlarda bojsiz savdo qiluvchi “Duty Free” do‘konlari ochilishi haqida xabar berilgandi.







