Yoshlarning saylov jarayonlarida faolligi muhim omil — yaponiyalik kuzatuvchi
O‘zEOAVMA tomonidan tashkil etilgan Xalqaro media-xoll tadbirlari doirasida xorijlik kuzatuvchilar bilan ham uchrashuvlar bo‘lib o‘tmoqda.

Yaponiya Tashqi savdo tashkiloti vakili Manabu Shimoyashiro saylov jarayonlariga oid fikrlarini zamon.uz bilan o‘rtoqlashdi.
“Bu yilgi Prezident saylovida kuzatuvchi sifatida ishtirok etyapman. Mamlakatingiz yoshlari saylovga befarq emasligini, ular siyosiy faol ekanini ko‘ryapman. Bu tahsinga sazovor. Yaponiya saylovlarida ham asosiy masala — yoshlarni saylovga jalb etishdir. Meni shaxsan mamlakatdagi iqtisodiy o‘zgarishlar qiziqtiradi. Bugun qishloq xo‘jaligi vazirligida bo‘ldim. U yerda so‘nggi yillarda yuz bergan o‘zgarishlar, soha taraqqiyoti haqida maʼlumot berildi”, – dedi Shimoyashiro.
Kuzatuvchi suhbat davomida hududlarda saylovga ko‘rilgan tayyorgarliklar bilan tanishish maqsadida viloyatlardagi saylov uchastkalarini shaxsan borib ko‘rish istagida ekanini bildirdi.
Avvalroq MSK da MDH kuzatuvchilar missiyasi bilan uchrashuv tashkil etilgani hamda Shifoxonalarda koronavirusdan davolanayotgan bemorlar uchun maxsus mobil saylov qutilari orqali ovoz berish imkoniyati yaratilgani xabar qilingandi.
Jahongir Qo'ziyev







