“Facebook” diniy adovatni qo‘zg‘ashda ayblanmoqda
“Facebook” kompaniyasi o‘z ijtimoiy tarmoqlari va dasturlari orqali Hindistonda diniy adovatni qo‘zg‘ashda ayblandi.


Qayd etilishicha, 2019 yildan 2020 yilgacha “Facebook” ijtimoiy tarmog‘ida adovatni qo‘zg‘ovchi postlar va izohlar hajmi 3 martaga ko‘paygan. Unga qarashli “WhatsApp” messenjerida ham diniy alomat bo‘yicha adovatga chaqiruvchi xabarlar faol tarqatila boshlangan.
Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, bunday xabarlar tarqalishi 2020 yil fevralda Dehlida turli radikal guruhlar o‘rtasidagi to‘qnashuvlar boshlangan vaqtga to‘g‘ri keladi. To‘qnashuvda 53 kishi halok bo‘lgan, 300 dan ortiq kishi jarohat olgan.
“Facebook” xodimlarining izohlashicha, kompaniyaning ijtimoiy tarmoqlarida musulmonlarga qarshi xabarlar muntazam ravishda tarqatiladi. Bunday xabarlarni 2 ta yirik hinduiy millatchi guruhi tarqatadi. Biroq ushbu xabarlarning aksariyati “zo‘ravonlikni targ‘ib qiluvchi” materiallar sifatida belgilanmaydi.
Tahlilchilarning fikricha, bu holat kompaniya texnik tizimlari hindi va bengal tillarida materiallarni topa olmasligi bilan bog‘langan.
Biroq kompaniyaning sobiq xodimi Frensis Xaugenning taʼkidlashicha, “Facebook” ijtimoiy tarmog‘i adovatni qo‘zg‘ash uchun ataylab tarqatilishini aytgan.

Shuningdek, “Facebook”da xavfsizlik tizimlari sozlansa, odamlar saytda kamroq vaqt o‘tkazishi, kamroq reklama ko‘rishi, natijada kompaniya kamroq daromad olishi mumkinligi haqida ham fikrlar bildirilgan.
Kompaniya rahbari Mark Sukerberg bu ayblovlarni rad etgan.
Shu bilan birga, kompaniya xavfsizlik tarmog‘ini yaxshi yo‘lga qo‘yganini hamda odamlar ruhiy sog‘lig‘i kabi masalalarga befarq qaramasligini taʼkidlagan.
Eslatib o‘tamiz, bundan avval “Facebook”, “Instagram” va “WhatsApp” toliblarning akkauntlarini bloklagani va “Facebook” o‘z nomini o‘zgartirishi haqida xabar berilgandi.
Shuningdek, 4-oktabrda “Facebook”, “WhatsApp” va “Instagram”ning bir soat ishlamasligi jahon iqtisodiyotiga 161 million dollar zarar yetkazgani haqida xabar qiligandi.
Cho‘lpony Ahmedova







