Xitoy diplomati AQSHning koronavirus kelib chiqishi bo‘yicha hisobotini “g‘ayriilmiy” deb baholadi
Avvalroq AQSH milliy razvedkasi Covid-19 kelib chiqishi bo‘yicha xulosa bergandi.

Xitoy AQSHning koronavirus kelib chiqishi to‘g‘risidagi hisobotini g‘ayriilmiy deb baholadi. Bu haqda XXRning Vashingtondagi elchixonasi rasmiy vakili Lyu Penyuy maʼlum qildi.
Bundan avval AQSH milliy razvedkasi saytida koronavirus kelib chiqishi to‘g‘risida maxsus xizmatlar xulosasi eʼlon qilingandi. Unda analitiklar koronavirus kelib chiqishining har ikki versiyasi — tabiiy va laboratorik kelib chiqishni ham haqiqatga yaqin sifatida baholagan. Virusning laboratoriyadan chiqib ketganligi to‘g‘risidagi taxminlarni AQSHning faqat bitta maxsus xizmati ilgari surgan, ammo uning nomi hisobotda keltirilmagan.
“Siz “koronavirusning kelib chiqishi” to‘g‘risida qanchalik ko‘p hisobot chiqarsangiz ham u baribir butunlay g‘ayriilmiyligicha qolaveradi. Bu virus kelib chiqishining ilmiy asoslariga putur yetkazadi va aniq manbasini qidirish uchun olib borilayotgan global harakatlarga xalal beradi”, –degan Lyu Penyuy.
Uning qo‘shimcha qilishicha, AQSH o‘zining Fort-Detrikdagi va butun dunyo bo‘ylab qurilgan 200 ta biologik laboratoriyalariga oid shubhalarga javob berishdan qochmoqda.
Bundan avval koronavirus Uxanda 2019 yilning yozida tarqalgan bo‘lishi mumkinligi haqida xabar qilingandi. Shuningdek, AQSH razvedkasi virus kelib chiqishi bo‘yicha aniq xulosaga kela olmagani maʼlum bo‘lgandi.
Jahongir Qo'ziyev







