Biz uch qutbli dunyoda yashayapmiz — Mark Milli
AQSH generali qaysi davlatlar kuch markazi bo‘lib qolayotganini maʼlum qildi.

Xalqaro hamjamiyat yuqori darajadagi strategik beqarorlik davriga kirmoqda. Bu haqda AQSH qurolli kuchlari shtab boshliqlari birlashgan qo‘mitasi raisi Mark Milli maʼlum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirda dunyoda uchta yirik kuch markazi mavjud.
"Biz uch qutbli — AQSH, Xitoy va Rossiya buyuk davlat bo‘lib qolayotgan dunyoda yashayapmiz. Mening Fikrimcha, keyingi 40, 50, 60 yoki 70 yil davomida yana-da beqaror davrni boshdan kechiryapmiz", — degan Milli.
General buyuk davlatlarning tinchlikni qo‘llab-quvvatlashi katta ahamiyat kasb etishini taʼkidlagan.
"Barcha buyuk davlatlar — biz ham (AQSH), Rossiya va Xitoy ham, shuningdek, Vashingtonning barcha hamkor va ittifoqchilari juda ehtiyotkor bo‘lishimiz kerak", — deb qo‘shimcha qilgan Milli.
Bundan avval AQSH generali Rossiya va Xitoy bilan urushga kirmaslik Vashingtonning asosiy maqsadi bo‘lishi kerakligini aytgandi. Shuningdek, Pentagon Rossiyani AQSH va Yevropa uchun asosiy xavf sifatida baholagani xabar qilingandi.
Jahongir Qo'ziyev







