Dam olish kunlari sovuq havo massasi chekina boshlaydi - “O‘zgidromet”
Gidrometeorologiya xizmati dam olish kunlari qanday ob-havo kuzatilishiini maʼlum qildi.

Bugun respublikaning barcha hududlarida quruq, shamolsiz va sovuq ob-havo bo‘lishi kutilmoqda. Respublika bo‘yicha baʼzi joylarda changli g‘ubor bo‘ladi.
Qayd etilishicha, havo harorati 3-8 daraja iliqdan ko‘tarilmaydi, bu - oy boshi uchun bo‘lgan meʼyoriy qiymatlardan 12-15 darajaga past. Bunga kecha Ural hududlaridan mamlakatimizga kirib kelgan sovuq antitsiklon sababchidir.
Dam olish kunlari sovuq antitsiklonning taʼsiri asta-sekin kuchsizlashadi, yog‘ingarchilik kutilmaydi, havo harorati asta-sekin ko‘tariladi. Ertaga havo harorati kechasi 3 daraja sovuq - 2 daraja iliqni, kunduz kuni 6-11 daraja iliqni tashkil etadi.
Yakshanba kuni harorat kechasi 0-5 daraja iliqqacha, baʼzi joylarda esa 2 daraja sovuqqacha pasayishi mumkin, kunduz kuni 9-14 daraja iliqqacha ko‘tariladi.
Eslatib o‘tamiz, “O‘zgidromet” atmosfera havosidagi chang miqdori belgilanganidan besh barobarga oshganini aytgandi.
Avvalroq bugun ham poytaxt va respublikaning baʼzi joylarida changli g‘ubor kuzatilishi hamda Cog‘liqni saqlash vazirligi Toshkentda 678 kishi nafas qisishi tufayli "Tez yordam"ga murojaat qilgani haqida xabar berilgandi.







