“Hizb-ut Tahrir”ning o‘zbekistonlik yetakchisi qo‘lga olindi
Mazkur shaxs o‘zining shaxsiy maʼlumotlarini tasdiqlashda qalbaki hujjatdan foydalanib, Qirg‘iziston hududida yashiringani aniqlangan.

Maʼlum bo‘lishicha, bugun 9 noyabrda Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi Qirg‘iziston janubidagi “Hizb ut-Tahrir” diniy-ekstremistik tashkilotining rahbari, yashirin ekstremistik guruh tashkil qilgan o‘zbekistonlik fuqaroni qo‘lga oldi.
Aniqlanishicha, “2021 yil 4 noyabr kuni O‘sh shahri hududida O‘zbekiston huquq-tartibot idoralari tomonidan qidiruvda bo‘lgan, “Hizb ut-Tahrir” ning O‘zbekistondagi faoliyatiga masʼul bo‘lgan, bu bilan faol shug‘ullangan Sh.Sh. qo‘lga olindi
Uning “hamkasblar”i Hizb ut-Tahrir tuzilmalarini yaratish va mustahkamlash maqsadida mamlakatning janubiy viloyatlarida yashirin faoliyat olib borishgan. Shuningdek, to‘plangan dalillar asosida Qirg‘iziston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 98-moddasiga asoslanib, Sh.Sh. Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining vaqtinchalik saqlash hibsxonasiga joylashtirildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Jizzax viloyatida Hizb ut-Tahrir al-Islomi xalqaro terrorchilik guruhi vakillari qo‘lga olingani hamda Qashqadaryoda xonadonida hujra tashkil etgan ona-bola aniqlangani haqida xabar berilgandi.
Cho‘lponoy Ahmedova







