Germaniya tashqi ishlar vaziri Lukashenkoga jiddiy ayblov qo‘ydi
Xayko Maas migrantlar orqali YIga bosim o‘tkazish mumkin emasligini aytgan.

Germaniya tashqi ishlar vaziri Xayko Maas Belarus prezidentini “ikkiyuzlamachilik va insofsizlik”da aybladi. Bu haqda “RIA Novosti” xabar berdi.
“Belarus chegarasidan kelib tushayotgan tasvirlar dahshatli. Janob Lukashenko xavfli eskalatsiya jarayonini davom ettirmoqda. U boshpana izlayotgan insonlarni ayovsiz foydalanyapti. U Yevroittifoqqa va uning Polsha va Litva kabi ayrim aʼzolariga atayin bosim o‘tkazmoqda. Bu insonlar (migrantlar) Lukashenkoning hokimiyat uchun o‘yinlarida shunchaki “piyoda”lar vazifasini bajarmoqda”, – degan Maas.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Yevropa Ittifoqini shantaj qilish mumkin emas.
“YIning Lukashenko va uning ittifoqchilarining ikkiyuzlamachi va insofsizlarcha qilgan harakatlariga bergan javobi tashkilotning bu yo‘lda izchillik bilan harakat qilishini ko‘rsatib berdi”, – deb qo‘shimcha qilgan u.
Maʼlumot o‘rnida: 8-noyabr kuni Belarusdan Polsha yo‘nalishiga qarab minglab migrantlar yo‘lga chiqqan. Buning ortidan chegaraga qo‘shimcha politsiya va harbiy kuchlar chaqirilgan. Polsha va Boltiqbo‘yi davlatlari Belarusni vaziyatni atayin chigallashtirishda ayblamoqda. Hozir Litva chegara hududlarda favqulodda holat joriy etgan.
Avvalroq Polsha Belarus bilan chegaraga 10 ming askar joylashtirgani haqida xabar qilingandi.
Jahongir Qo'ziyev







