O‘zbekistonning sayyohlik salohiyati Belgiya jamoatchiligi diqqat markazida bo‘ldi
Toshkent, Samarqand va Buxoro O‘zbekistonning eng muhim sayyohlik markazlari hisoblanadi.

Belgiyaning "Travel Tomorrow" axborot portali saytida "O‘zbekistonning sayyohlik salohiyati Yevropa poytaxtida taqdim etildi" sarlavhali maqola chop etildi.
Maqolada O‘zbekistonda turizm milliy iqtisodiyotning strategik sohasiga aylanib, jadal rivojlanib borayotgani, amalga oshirilayotgan islohotlar mamlakatning dunyoga ochiqligini namoyish etayotgani qayd etilgan. Bu O‘zbekistonga sayyohlar oqimining jadal o‘sishi va xorijiy investitsiyalar hajmining oshishida o‘z ifodasini topmoqda.
"O‘zbekiston rahbariyati Samarqand, Buxoro, Xiva, Shahrisabz kabi shaharlarda turizmni rivojlantirish uchun mamlakatning tarixan qulay imkoniyatlaridan to‘liq foydalanishga alohida eʼtibor qaratayotgani alohida taʼkidlandi", — deyiladi nashrda.
Maʼlumot uchun: Butunjahon sayyohlik tashkiloti (UNWTO) maʼlumotlariga ko‘ra, sayyohlarning tashrifi 2020-yilda 2019-yilgi ko‘rsatkichga nisbatan 74 foizga kamaygan. Pandemiyadan oldin turizm jahon tovarlar va xizmatlar eksportida global yalpi ichki mahsulotning 10 foizidan ko‘prog‘ini tashkil qilgan.
Eslatib o‘tamiz, Jahon sayyohlik tashkiloti joriy yilning birinchi choragi yakunlari bo‘yicha eʼlon qilgan maʼlumotlarga ko‘ra, 2021-yilning birinchi choragida 2019-yilning mos davri bilan solishtirganda sayyohlar oqimi 85 foizga pasaygan.
Avvalroq O‘zbekistonda barcha turdagi mehmonxonalarga sertifikat berish muddati 15 kunga qisqargani, “Keksalar turizm oyligi” munosabati bilan chegirmalar joriy qilingani, Jahon musulmonlari sayohati indeksi reytingida O‘zbekiston 16-o‘rinni egallagani haqida xabar berilgandi.







