"Davlat qarzi to‘g‘risida"gi qonun loyihasi Oliy Majlisga kiritildi
Qonun loyihasida davlat qarzini boshqarishga doir asosiy qoidalar va davlat qarzining yalpi ichki mahsulotga (YAIM) nisbatan eng yuqori miqdori belgilanmoqda.

O‘zbekiston Prezidentining farmoniga asosan Moliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan "Davlat qarzi to‘g‘risida"gi qonun loyihasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan Oliy Majlisga kiritildi.
Maʼlumot uchun: qonun loyihasi davlat qarzini boshqarish jarayoni fragmentatsiyalashuvining oldi olish, davlat qarzini barqaror darajada saqlash, xorijiy kreditor va investorlarning mamlakatning qarzlarni to‘lay olish salohiyatiga bo‘lgan ishonchining ortishi hamda davlat tomonidan qarzlarning qulay shartlarda va barqaror narxlarda jalb qilinishi uchun zarur muhit shakllantirishga qaratilgan.
Moliya vazirligi axborot xizmati xabariga ko‘ra, 10 ta bob va 58 ta moddadan iborat qonun loyihasini tayyorlashda Jahon banki, Xalqaro valyuta jamg‘armasi, Osiyo taraqqiyot banki va AQSH G‘aznachiligining 13 nafar eksperti ishtirok etgan. Loyiha yuzasidan 9 ta vazirlik va idoraning ekspertiza xulosalari olingan.
Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Oliy Majlisi palatalari, Hisob palatasi, Vazirlar Mahkamasi, Markaziy bank va Moliya vazirligining davlat qarzini boshqarish sohasidagi vakolatlari hamda davlat qarzi to‘g‘risidagi maʼlumotlar ochiqligini taʼminlash, jumladan, OAVda yoritib borish va rasmiy veb-saytlarda chop etish bo‘yicha qoidalar alohida ko‘rsatib o‘tilmoqda.
Shuningdek, qonun loyihasida davlat kafolatini berish tizimi takomillashtirish qoidalari va davlat qarzi bo‘yicha xatarlarni boshqarish bo‘yicha amalga oshiriladigan harakatlar majmui aks ettirilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonning tashqi qarzi hisoblab chiqilgandi.
Avvalroq strategik tashkilotlarga gaz uchun oshirilgan koeffitsiyent bekor qilingani hamda O‘zbekiston elektr energetika sohasi uchun YETTBdan 816 million yevro qarz olayotgani haqida xabar berilgandi.







