"Tolibon" antiterror operatsiya o‘tkazdi
Harbiy amaliyot Kobulda bo‘lgan.

“Tolibon” Kobul shimolida ISHIDga qarshi harbiy operatsiya o‘tkazdi. Bu haqda “RIA Novosti” xabar berdi.
Maʼlumotlarga ko‘ra, bu hudud hozirda to‘liq toliblar xavfsizlik kuchlari nazoratiga olingan. Kobul politsiyasi operatsiya natijasida eng kamida uch nafar terrorchi yo‘q qilinganini maʼlum qilgan.
Shuningdek, amaliyot paytida “Shimoliy alyans”ning sobiq qo‘mondonlaridan birining uyiga zarar yetganligi aytilmoqda. Ammo nima uchun bu jarayon aynan ushbu tumanda olib borilganiga izoh berilmagan.
Maʼlumot o‘rnida: ISHID so‘nggi vaqtlarda Afg‘onistonning bir qator shaharlarida, xususan, Qunduz, Qandahor, Kobul va Jalolobod shaharlarida terakt uyushtirgan.
Avvalroq Afg‘oniston sobiq prezidenti Hamid Karzay ISHID xavfi haqida gapirgandi. Shuningdek, aqsh tomonidan tayyorlangan afg‘on harbiylari ISHID safiga qo‘shilayotgani haqida xabar qilingandi.
Jahongir Qo‘ziyev







