"TTZ" taqdirida jiddiy burilish! Zavod o‘rnida sayilgoh quriladi
Korxonalarga tegishli foylanmay yotgan yer maydonlari onlayn-auksion savdolari orqali sotilishi kutilmoqda.

Qishloq xo‘jaligi mashinasozligi korxonalari Chirchiq shahridagi qishloq xo‘jaligi mashinasozlik klasteriga ko‘chiriladi. “Toshkent qishloq xo‘jaligi texnikasi zavodi” AJ, “Agregat zavodi” AJ, “Texnolog” AJ, “Texnolog-Stan” MCHJ, "Agrosanoatmashinvest" MCHJlar ishlab chiqarish quvvatlarining bir qismi Chirchiq shahridagi “Chirchiq qishloq xo‘jaligi texnikasi zavodi” AJ hududiga ko‘chiriladi va qishloq xo‘jaligi mashinasozlik klasteri tashkil etiladi. Shuningdek, yuqorida nomlari sanalgan korxonalarning ustav kapitallaridagi davlat ulushlarini nominal qiymatda o‘tkazish hisobiga “Toshkent traktor zavodi” MCHJ tashkil qilinadi va uch oy muddatda mazkur korxonalar "TTZ" MCHJga qo‘shib yuboriladi.
Bunda Agentlik va Toshkent shahar hokimligi bir oy muddatda “Toshkent qishloq xo‘jaligi texnikasi zavodi” AJning bo‘shayotgan yer maydonlarining bir qismiga aholi uchun sayilgoh qurish bo‘yicha hukumatga taklif kiritmoqda. Prezidentning tegishli qaroriga muvofiq, "TTZ" MCHJdagi davlat ulushi "O‘zavtosanoat" AJga ikki yil muddatga ishonchli boshqaruvga beriladi.
Avvalroq Toshkent traktor zavodi dahasigacha yerosti yo‘li qurilishi hamda Surxondaryo va Xorazmda elektr stansiyalari qurilishi haqida xabar berilgandi.
Munojat Valiyeva







