Qarshida ulkan bayroq ustuni qurilmaydi
Bayroq ustuniga sarf qilinadigan mablag‘ ichki yo‘llar taʼmiri va kommunal sohalarni rivojlantirishga yo‘naltiriladi.

Ijtimoiy tarmoqlarda Qarshi shahrida o‘rnatilishi to‘xtatilgan bayroq ustuni qayta bunyod etiladi, degan mazmunda xabarlar tarqalgandi.
Bayroq ustunining qurilish ishlari Qarshi shahar mahalliy byudjetining 2021-yilning III-chorak yakuni bo‘yicha daromadlar rejasining oshirib bajarilgan qismidan ajratilgan mablag‘lar hamda homiylik yordami hisobiga davom ettirilishi xabar qilingandi.
Biroq endi bayroq qurilmaydigan bo‘ldi. Bu haqda Qarshi shahar hokimligi axborot xizmati xabar qildi. Viloyat hokimi hamda shahar hokimi o‘zaro kelishgan holda daromadlar rejasining oshirib bajarilgan qismidan qolgan mablag‘lar ichki yo‘llar taʼmiri va kommunal sohalarni rivojlantirishga yo‘naltiriladigan bo‘ldi.
Avvalroq Markaziy Osiyodagi eng baland cho‘qqilardan biriga O‘zbekiston bayrog‘i o‘rnatilgani hamda shaharsozlik hujjatlari “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimi orqali ko‘rib chiqilishi haqida xabar berilgandi.
Munojat Valiyeva







