Sug‘urta faoliyatiga doir yana bir hujjat kuchga kirish arafasida
Prezident “Sug‘urta faoliyati to‘g‘risida”gi Qonunni imzoladi.

Eslatma. Sug‘urta deganda muayyan voqea, yaʼni sug‘urta hodisasi yuz berganda sug‘urta qilgan shaxslarga shartnomaga muvofiq sug‘urta pulini to‘lash yo‘li bilan inson manfaatlarini himoya qilish tushuniladi. Bunda sug‘urta mablag‘lari yuridik yoki jismoniy shaxslar to‘laydigan summadan shakllantiriladi.
Yangi qonunda sug‘urta tavakkalchiligi, sug‘urta tarifi, franshiza, transchegaraviy sug‘urta va boshqa shu kabi asosiy tushunchalarga izoh berilgan.
Unga ko‘ra, sug‘urta bozorining professional ishtirokchilari, yaʼni sug‘urtalovchilar, sug‘urta vositachilari, adjasterlar, aktuariylar, sug‘urta syuveyerlari, assistansning huquq va majburiyatlari aniq belgilab qo‘yildi. Shu bilan birga, hujjatda sug‘urta qildiruvchi va sug‘urtalovchi o‘rtasida elektron shakldagi axborot almashinuvining o‘ziga xos xususiyatlari ko‘rsatib o‘tilgan. Shunga binoan, endilikda sug‘urta shartnomasi internet orqali elektron shaklda tuzilishi mumkin.
Eslatma. Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran uch oy o‘tgach kuchga kiradi(yaʼni 2022 yil 25 fevraldan boshlab).
Maʼlumot uchun, sug‘urtaning 2 turi mavjud:
• Hayotni sug‘urta qilish – bunda jismoniy shaxslarning hayoti, sog‘lig‘i, mehnat qobiliyati va pul taʼminoti bilan bog‘liq manfaatlari sug‘urtalanadi.
• Umumiy sug‘urta – mazkur turga shaxsiy, mulkiy sug‘urta, javobgarlikni sug‘urta qilish va hayotni sug‘urta qilish sohasiga taalluqli bo‘lmagan boshqa sug‘urtalar kiradi. Shuningdek, shakl jihatidan ixtiyoriy va majburiy sug‘urta tushunchasi ham mavjud.
Avvalroq Sud qarori yoki YPX xodimi ishtirokisiz sug‘urta tovoni olish tartibi maʼlum qilingani haqida xabar berilgandi.
Olamgir Abdiyev







