"Tolibon" oziq-ovqat yetishmovchiligida avvalgi hukumatni aybladi
Shuningdek, harakat xotin-qizlar taʼlimi tiklanishiga vaʼda bergan.

“Tolibon” mamlakatdagi oziq-ovqat muammosi avvalgi hukumat davrida vujudga kelganini maʼlum qildi. Bu haqda Afg‘oniston bosh vaziri vazifasini bajaruvchi Muhammad Hasan Ohund aytgan.
“Afg‘oniston Islom Amirligi (“Tolibon” harakati Afg‘onistonni shu nom bilan ataydi) o‘z majburiyatlarini bajarishga sodiq qoladi. Ammo biz hozirda ochlik va narxlarning ko‘tarilishiga duch kelyapmiz. Bu esa toliblar hokimiyatni egallaguncha shakllangan. Yaqin kunlar ichida barcha muammolarni hal qilamiz. Biz afg‘onlar hayoti va mol-mulki xavfsizligini taʼminlaymiz”, – degan u.
Shu bilan birga Muhammad Hasan Ohund toliblar tuzgan hukumatni inklyuziv hukumat sifatida baholadi. Shuningdek, ayollar taʼlimi masalasiga to‘xtalib o‘tdi.
“Taʼlim o‘g‘il bolalar uchun ham, qiz bolalar uchun ham majburiy hisoblanadi. Hozirda xotin-qizlarning yana-da keng-qamrovli taʼlim olishi uchun sharoitlar yaratilyapti”, – deb qayd etgan bosh vazir.
Muhammad Hasan Ohund tashqi siyosat haqida gapirar ekan, harakat barcha davlatlar bilan yaxshi aloqa o‘rnatishga harakat qilayotganini yana bir bora taʼkidladi. Shu bilan birga u dunyo hamjamiyatini Afg‘onistonga gumanitar yordam berishni davom ettirishga chaqirdi.
Avvalroq Eron Afg‘oniston konlariga investitsiya kiritishi mumkinligi maʼlum qilingandi. Shuningdek, AQSH toliblar bilan terrorizmga qarshi kurashni muhokama qilmoqchi ekanligi haqida xabar qilingandi.
Jahongir Qo'ziyev







