O‘z uyini giyohvandlik makoniga aylantirgan fuqaro ushlandi
Uning yashash xonadonidan ko‘p miqdorda quritilgan “kannabis” va “marixuana” o‘simligi chiqdi.

G‘uzor tuman IIBga "Afg‘onbog‘" MFYda yashovchi fuqaro E.F. o‘z uyida giyohvandlik moddasi saqlayotgan haqida xabar kelib tushdi. TIIB JQB va viloyat IIB tezkor xodimlari tomonidan ushbu xonadon xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirildi. Tekshiruv davomida uyning yerto‘lasida yashil rangli quritilgan bargsiz ko‘plab poyalar mavjudligi, xona shiftiga o‘ziga xos hidli o‘simlik shoxlari osilgan holatda quritib qo‘yilgani, xonaning tag qismiga esa qurigan barglar va urug‘lar, hamda 3 dona sellofan paketda maydalangan o‘ziga xos hidli moddalar mavjudligi aniqlandi. Topilgan mahsulotlar tegishli tartibda hujjatlashtirildi.
Bundan tashqari, xonadon egasi E.F. o‘zining yashash uyidagi foydalanilmay turgan xonani ham ushbu o‘simliklar quritilishi uchun joy qilib qo‘ygani, mayda bargli moddalarni 12 ta joyga alohida-alohida to‘plab, quritib, keyinchalik sotish maqsadida saqlab kelayotganligi aniqlandi. 2 dona elektron tarozi ham tegishli tartibda hujjatlashtirib olindi.
Ekspertiza xulosasiga ko‘ra E.F.ning uyi yerto‘lasidan hujjatlashtirib olingan quritilgan o‘simliklar tarkibida faol tetragidrokannabinol mavjudligi, ushbu modda “marixuana” giyohvandlik vositasi ekanligi aniqlandi. O‘lchanganda uning jami sof og‘irligi 10867,2 grammga teng ekanligi maʼlum bo‘ldi. Foydalanilmay turgan xonaning pol qismidan olingan quruq holatdagi o‘simliklar tarkibida esa giyohvand modda tetragidrokannabinol mavjud bo‘lgan “kannabis” o‘simligi barglari ekanligi, sof og‘irligi 16582,8 grammga tengligi ko‘rsatilgan. Mazkur holat yuzasidan TIIB TB tomonidan E.F.ga nisbatan Jinoyat jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Avvalroq, Farg‘onada olma bog‘ida kannabis yetishtirgan fuqaro aniqlangani hamda Toshkent viloyatidagi xonadondan katta miqdorda giyohvandlik vositalari topilgani haqida xabar berilgandi.
Munojat Valiyeva







