Valyutafurushlar uchun jazo yumshatildi
O‘zgarishlar 1 dekabrdan boshlab amal qiladi.

Bu haqda Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga tegishli o‘zgartish kiritish bo‘yicha qonun 30 nobyar kuni prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan imzolandi.
Yangi tahrirdagi 170-moddaga ko‘ra, valyuta boyliklarini qonunga xilof ravishda olish yoki o‘tkazish valyuta boyliklari musodara qilingan holda 15 sutkagacha maʼmuriy qamoq jazosiga sabab bo‘lishi mumkinligi qayd etib o‘tilgan. Avvalgi moddada to‘liq 15 sutka edi.
Maʼmuriy qamoq qo‘llanilishi mumkin bo‘lmagan shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravaridan 20 baravarigacha (oldin 20 BHM) jarima qo‘llaniladi. Ushbu qonun 18 oktabrda Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan, 19 noyabrda esa Senat tomonidan maʼqullangan.
Avvalroq, Davlat byudjeti to‘g‘risidagi qonunga o‘zgartish kiritilgani hamda intellektual mulk sohasida ayrim qonunchilik hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilgani haqida xabar berilgandi.
Munojat Valiyeva







