Dunyoning eng arzon shaharlari ro‘yxatidan Toshkent ham joy oldi
The Economist jurnali 2021-yilda dunyoning 173 ta shahrida yashash narxi bo‘yicha tadqiqot eʼlon qildi.

Eslatma. Bu tadqiqot 30 yildan beri har yili o‘tkaziladi.
Maʼlumotlarga ko‘ra, Dunyoning eng arzon shaharlari ro‘yxatida uchlikni quyidalar band qilgan:
Damashq (Suriya)
Tripoli (Liviya)
Toshkent (O‘zbekiston)
Shuningdek, tahlilchilar Nyu-York shahrini bazaviy reytingda 100 ball bilan baholagan va u bilan boshqa dunyo shaharlarini taqqoslagan. Shu bilan birga, tahlilda 200 xil tovar va xizmat narxlari ham solishtirilgan. Bunda ham mazkur shahardagi mahsulotlar narxi meʼyor qilib olingan.
Taʼkidlash kerak, tadqiqotda Tel-Aviv birinchi o‘rinni egallagan. Shahar bir yil ichida 5 pog‘onaga ko‘tarilib, eng qimmat turmush darajasiga ega shaharlar reytingida peshqadamga aylanib olgan.
“Isroil shahri esa xorij valyuta kurslarining tez ko‘tarilishi, shuningdek, oziq-ovqat, spirtli ichimliklar va transport narxlarining oshishi tufayli birinchi marta reytingda yuqori o‘rinlardan birini egalladi”, deydi tahlilchilar.
Reytingda ikkinchi o‘rinni Parij egalladi. Fransiya poytaxti bir yil avval Gonkong va Syurix bilan bir xil pog‘onada turgan edi. Endilikda yangilangan reytingda Parij Singapur bilan ikkinchi o‘rinni band qildi. Syurix va Gonkong shaharlari esa mos ravishda uchinchi va to‘rtinchi qatorlardan joy oldi.
Maʼlumot uchun, dunyoning eng qimmat shaharlari o‘nligiga Nyu-York, Jeneva, Kopengagen, Los-Anjeles va Osaka ham kirgan.
Mazkur ro‘yxatda yuqori pog‘onalarni band qilgan shaharlar sal avval dunyoda yashash uchun eng yaxshi joylar reytingiga ham kiritilgan edi.
Tahlilchilarning taʼkidlashicha, yashashga eng qulay va xavfsiz shaharlarda hayot kechirish qimmat turadi. Aksincha, siyosat yoki iqtisod bilan bog‘liq imkoniyatlar yoki muammolar kam bo‘lgan joyda hayot kechirish nisbatan arzon bo‘ladi.
Avvalroq qamoqxonalardagi mahkumlar soni bo‘yicha dunyo reyting eʼlon qilingani hamda Jahon musulmonlari sayohati indeksi reytingida mamlakatimiz 16-o‘rinni egallagani haqida xabar berilgandi.
Olamgir Abdiyev







