"Qora bozor"ning kuni bitganga o‘xshaydi
Tadbirkorlarga uzluksiz ravishda (24/7 rejimda) valyuta ayirboshlash xizmatlarini ko‘rsatishga ruxsat beriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "Raqobat muhitiga salbiy taʼsir ko‘rsatadigan to‘siqlarni bartaraf etish va tadbirkorlik faoliyati yo‘nalishlarini yana-da kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi Qarori loyihasi muhokamaga qo‘yildi.
Qarordagi chora-tadbirlarga muvofiq, 2022-yilda "norasmiy valyuta operatsiyalari vujudga kelishini oldini olish, shuningdek, xizmatlarni uzluksiz ravishda (24/7 rejimda) ko‘rsatish imkonini yaratish maqsadida xususiy tadbirkorlarga valyuta ayirboshlash xizmatlarini ko‘rsatishga ruxsat berish" belgilangan. Shuningdek, moliyaviy xizmatlar ko‘rsatish bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik subyektlariga kredit uyushmasi xizmatlar bozoriga kirish imkoniyatlarini yaratish rejalashtirilgan. Bunga Markaziy bank, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Moliya vazirligi masʼul etib ko‘rsatilgan.
Fuqarolarga haftaning istagan vaqtida valyutani rasmiy almashtirish imkoniyati yaratiladi.
Avvalroq valyutafurushlar uchun jazo yumshatilgani hamda оltin valyuta zaxiralari 1 milliard dollarga kamaygani haqida xabar berilgandi.
Munojat Valiyeva







