Yana qog‘ozbozlik: metroda yangi cheklovlar joriy qilinmoqda
Yo‘lovchining qo‘l yuki uchun 2 barobar tarifda to‘lovlar amalga oshiriladi.

Metropoliten ish vaqtlari to‘g‘risida har bir bekatning kirish eshiklari oldida maʼlumot beriladi.
Vazirlar Mahkamasining “Toshkent metropolitenidan foydalanish qoidalarini hamda Toshkent metropoliteni faoliyatini tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori loyihasi eʼlon qilindi.
Jumladan, metropolitenda yo‘lovchi va uning qo‘l yukini tashish shartnomasi tuzilganligi yo‘l chiptasi bilan tasdiqlanadi.
Metropoliten ish boshlash va tugash vaqti Toshkent shahar hokimiyati va Transport vazirligi tomonidan o‘rnatiladi.
Metropolitenning barcha hududlarida quyidagilar taqiqlanadi:
— parapetlar, to‘siqlar ustiga chiqish, shuningdek, ular ustidan sakrab (oshib) o‘tish;
— spirtli ichimliklar, psixotrop va giyohvand vositalarni isteʼmol qilish, mast holda kirish;
— chekish va qizdiriladigan tamaki, elektron sigaretalarni isteʼmol qilish vositalaridan foydalanish;
— metropoliten hududida va vagonlarda ochiq olov, pirotexnika vositalaridan (feyerverklar, petardalar va boshqalar) foydalanish;
— metropoliten hududida poyabzalsiz va kiyimsiz holda bo‘lish;
Shuningdek, yonuvchan gazlar bilan to‘ldirilgan sharlar bilan bekatga kirish va bekat va uning hududida, bekatga tutashgan yerosti o‘tish yo‘laklarida samokatlar, rolikli konkilar, mototsikl, skuter, velosiped, skeyt, barcha turdagi g‘ildirakli sport anjomlari va boshqa shu kabi vositalarda harakatlanish (nogironlar aravachalari bundan mustasno), uchuvchisiz uchish vositalaridan (dron) foydalanish ham taqiqilanadi.
Metropoliten rahbariyatining yozma ravishdagi ruxsatisiz, xizmat ko‘rsatish (texnik) xonalarida bekatlar va obyektlarda professional video va foto (uchuvchisiz uchish vositalari yordamida), suratga olish, shuningdek, “Prank” shaklida videolarni suratga olish hamda vagonlarning o‘rindiqlariga bolalarni poyabzali bilan qo‘yish va yuklarni joylashtirish mumkin emas.
Xususan, uskunalar va meʼmoriy-badiiy bezaklarning qismlariga zarar yetkazish, vestibyullar va xizmat xonalarining oynalarini ifloslantirish, shuningdek, vagonlarga va metropoliten infratuzilmasi obyektlariga zarar yetkazish;
— metropoliten harakat tarkibi vagonlarining tashqi va ichki yuzalariga, shuningdek metropoliten qurilmalari va inshootlariga yozuvlar, stikerlar, rasmlar, axborot va reklama materiallarini metropoliten rahbariyati bilan kelishmasdan (shartnoma) joylashtirish qatʼiy taqiqlanadi.
Maʼlumot uchun: O‘zbekiston Respublikasining Transport to‘g‘risidagi qonuni Qonunchilik palatasi tomonidan 2021 yil 3 martda qabul qilingan Senat tomonidan 2021 yil 29 mayda maʼqullangan.
Eslatib o‘ztamiz, avvalroq “Toshkent metropoliteni” unitar korxonasi bekatlarida karantin qoidalariga rioya etilishi yuzasidan reyd tadbirlari o‘tkazgani hamda Moskva metrosida o‘zbek va tojik tilidagi yozuvlar paydo bo‘lgani haqida xabar berilgandi.
Cho‘lponoy Ahmedova







