Chempion Abdusattorovni aeroportda kutib olishga rasmiylardan hech kim kelmagani rostmi?
Turizm va sport vazirligi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlarga munosabat bildirdi.

Bugun, 2-yanvar kuni tungi soat 2–3 oralig‘ida Toshkent xalqaro aeroportida rapid shaxmat bo‘yicha jahon chempioni Nodirbek Abdusattorovni kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Unda Turizm va sport vazirligi matbuot xizmati boshlig‘i, vazirlikning Noolimpiya sport turlarini rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i hamda vazirlik huzuridagi davlat unitar korxonasi rahbari, shuningdek, Shaxmat federatsiyasi vakillari ishtirok etgan.
Matbuot xizmati rahbari Lola Rahmanbayeva ijtimoiy tarmoqlarda “Chempion Abdusattorovni aeroportda kutib olishga rasmiylardan hech kim kelmadi” sarlavhali xabarlarni rad etdi:
“Bilib-bilmay, bizga bir og‘iz murojaat qilmasdan "vazirlikdan yo federatsiyadan hech kim chiqmadi" deb yozish noprofessionalizm, nazarimda.
Vazir A. Abduhakimov chempionimiz kelmasdan turiboq uning oila a’zolari bilan uchrashganlar, e’tiborsiz qoldirmaganlar.
Shunday ekan, hurmatli OAV vakillari va blogerlardan barchaning mehnatiga hurmat bilan munosabatda bo‘lishlarini, aholiga ma’lumot yetkazishda xolis bo‘lishlarini so‘rab qolaman”, – deyiladi xabarda.
Javohirbek Tursunov








