"Dinamo" klubida mavsum oldidan o‘zgarishlar katta
Klub bir qator xorijlik futbolchi va murabbiylar bilan shartnoma imzoladi.

Xususan, Samarqand klubi Superliga yangi mavsumi oldidan serbiyalik darvozabon Miloe Prekovich, ukrainalik yarim himoyachi Evgeniy Chumak kabi futbolchilar bilan shartnoma imzoladi. Miloe Prekovich so‘nggi mavsumni Serbiya Superligasi vakili "Vojdovats" klubi safida o‘tkazib, jamoaning asosiy darvozaboni bo‘lgan. U chempionat doirasidagi barcha o‘yinlarda maydonga tushgan. Futbolchi faoliyati davomida Serbiyaning "Mladenovach", "Mladost Lukani", "Sloga", "OFK Belgrad" va Slovakiyaning "Kosiche" Rossiyaning "Yenisey" klublari sharafini himoya qilgan.
1 yillik shartnoma imzolagan ukrainalik Yevcheniy Chumak esa Kiyevning "Dinamo" klubi tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. U "Dinamo Kiyev" tarkibida 2 ta o‘yin o‘tkazgan. Shundan so‘ng Ukrainaning "Goverla", "Karpati", "Desna" hamda Belarusning "Torpedo-BelAZ", Mongoliyaning "Dnepr" klublarida to‘p surgan. Bundan tashqari, 2019-2020 yillar O‘zbekistonning "Bunyodkor" va "Metallurg" jamoalari sharafini ham himoya qilgan.
"Dinamo" klubiga mavsum oldidan serbiyalik mutaxassis Predrag Rogan bosh murabbiy etib tayinlandi. Hozirda murabbiy boshchiligida jamoa 5 yanvardan buyon kuniga ikki mahal mashg‘ulotlarni olib bormoqda.
"Dinamo"da jamoa bosh murabbiyiga yordamchi sifatida yana bir xorijlik mutaxasis Ivan Yevich bilan ham shartnoma imzolandi. Yugaslaviyalik sobiq futbolchi so‘nggi yillarda Serbiya yoshlar jamoasida murabbiy bo‘lgan. U hozirda bosh murabbiy Predrag Rogan bilan klub mashg‘ulotlarida ishtirok etmoqda. Ma’lumot o‘rnida: "Dinamo" 30 yanvarga qadar o‘z qarorgohida mashg‘ulot olib boradi.








