Xakerlar Yevropani yoqilg‘isiz qoldirmoqchi
Bir qator kompaniyalar kiberhujumga uchradi.

Yevropaning bir qator yirik yoqilg‘i kompaniyalari xakerlar hujumiga uchradi. Bu haqda RIA Novosti xabar berdi.
Ushbu kompaniyalar orasida Germaniyaning Mabanaft GmbH va Oiltanking GmbH Group korporatsiyalari ham bor. Kiberjinoyatchilar Black Cat (qora mushuk) virusidan foydalangan.
Oqibatda, Germaniya, Malta, Belgiya va Niderlandiyadagi o‘nlab taqsimot terminallari faoliyati to‘xtab qolgan. Ekspertlar ushbu hujum AQSHning Colonial Pipeline kompaniyasi tizimlarini buzib kirgan xakerlar tomonidan amalga oshirilganini aytmoqda.
Hozirda tizimning qayta ishga tushishi uchun jinoyatchilarga tovon puli to‘langani haqida maʼlumot yo‘q.
Avvalroq Belgiya mudofaa vazirligi xakerlar hujumiga uchragani to‘g‘risida xabar berilgandi.
Jahongir Qo‘ziyev







