Germaniya prezidenti Putinni ogohlantirdi
Rossiya Ukrainaga bostirib kirsa, YEI va NATO birlashadi.

Germaniyaning qayta saylangan prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer “Rossiya Yevropadagi urush xavfi uchun javobgar”ligini aytib, prezident Vladimir Putinni ogohlantirdi.
“Demokratiya kuchini yetarli baholash kerak”, — dedi Shtaynmayer bundestag tribunasidan turib. Uning bu so‘zlari Vladimir Putinga qaratilgan.
Uning aytishicha, agar Rossiya Ukraina hududiga kirishga urinsa, Yevropa ittifoqi va NATO kelishib harakat qiladi.
“Agar urinish amalga oshirilsa, biz umumiy javob qaytaramiz”, - dedi Germaniya prezidenti. Shuningdek, u “Ukraina fuqarolari qo‘rquvsiz va suverenitetiga tahdidsiz yashashga haqli” ekanini taʼkidladi.
Shtaynmayer yakshanba kuni Germaniya prezidentligiga qayta saylandi. Unga besh yilga vakolat berildi.
Eslatib o'tamiz, avvalroq Pentagon ham zarurat tug‘ilsa, AQSH harbiylari Ukrainaga tashlanishini eʼlon qilgandi.
Sharofat Mahmudova







