Yevropa Parlamenti Ukrainaga yordam uchun 1,2 milliard yevro ajratdi
Makromoliyaviy yordam kreditlar shaklida taqdim etiladi, ular yil davomida ikki transhda o‘tkaziladi.

Yevroparlament aʼzolari Yevropa Ittifoqi kengashining Ukrainaga 1,2 milliard yevro miqdorida yangi makromoliyaviy yordam paketini ajratish haqidagi qarorini maʼqulladi. 15-fevral kuni bo‘lib o‘tgan ovoz berishning tegishli natijalari to‘g‘risida qonun chiqaruvchi organning Strasburgdagi sessiyasida maʼlum qilindi.
“Ittifoq 1,2 milliard yevro miqdorda makromoliyaviy yordam beradi, bu esa Ukrainada makroiqtisodiy barqarorlikni taʼminlash va fundamental islohotlar dasturini qo‘llab-quvvatlash uchun ajratilgan”, deyiladi deputatlar tomonidan qabul qilingan hujjatda.
Qayd etilishicha, “bu yordam kredit shaklida taqdim etiladi” va “Xalqaro valyuta jamg‘armasi dasturida qayd etilganidek, Ukrainaning to‘lov balansini qoplashga xizmat qiladi”.
Tegishli qaror tasdiqlanganidan so‘ng, pul 12 oy ichida 600 million yevrodan iborat ikki transhda Kiyevga o‘tkaziladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Germaniya kansleri Olaf Shols Ukraina prezidenti Donbassga alohida maqom berishga tayyorligini aytgani xabar qilingandi.
Nasiba To‘xtayeva







